1989 yildan Respublika O’quv-metodik markazi tashkil etilgan. 1995 yilda Respublika O’quv-metodika markazi tugatilib, bu markaz «Respublika Ta’lim ilmiy metodika markazi» deb yuritilgan. 1996 yildan boshlab ushbu markaz «Respublika Ta’lim markazi» deb nomlangan. Respublika Ta’lim markazi O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2004 yil 10 dekabrdagi 261-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan «Respublika Ta’lim markazi to’g’risida»gi Nizomga binoan ta’lim muassasalarining metodik ta’minotini amalga oshiruvchi Davlat metodik tashkiloti hisoblanib, O’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga bo’ysinadi. Markaz O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi muassasa bo’lib, o’z faoliyati davomida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oliy Majlis qabul qilgan qonunlar, Prezident farmonlari, qarorlari va ko’rsatmalari, «Ta’lim to’g’risida»gi qonun, Xalq ta’limi vazirligining qaror, buyruq va ko’rsatmalari hamda Nizomga amal qiladi.

Markaz O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2005 yil 18 yanvarda tasdiqlangan Ustavga ega. Markaz yuridik shaxs hisoblanib, O’zbekiston Respublikasining Davlat tamg’asi aks etgan muhr, shtamp, Respublika Markaziy bankining tegishli bo’limida hisob raqamiga ega.

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning asosiy tamoyillari va maqsadli yo’nalishlarini amalga oshirish, umumiy O’rta ta’lim maktablari, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini o’quv reja, dastur, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlari asosida o’quvchilarni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash maqsadiga yo’naltirilgan o’quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash Markazning muhim vazifasi hisoblanadi.

Markaz Xalq ta’limi vazirligining boshqarma va bo’limlari, O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti, xalq ta’limi muassasalari, pedagogika oliy o’quv yurtlari, pedagogik xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari hamda boshqa ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat ko’rsatadi.

Markaz ta’lim, fan, texnika va texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat yutuqlarini inobatga olgan holda ta’lim muassasalarini zamonaviy o’quv reja, dastur, darslik va metodik adabiyotlar bilan ta’minlaydi.

Markaz 18 bo’limdan tashkil topgan bo’lib, Markazning asosiy vazifasi va yo’nalishlari quyidagilardan iborat:

Qoraqalpog’iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar Xalq ta’limi Bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tasarrufidagi Metodika markazlariga, tuman (shahar) metodika kabinetlariga, ta’lim muasasalariga «Ta’lim to’g’risida»gi qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi», Davlat ta’lim standartlari talablari asosida ta’lim jarayonini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish borasida metodik xizmat ko’rsatadi;

Viloyat metodika markazlari va tuman (shaqar) metodika kabineti metodistlari, umumiy O’rta ta’lim maktab o’qituvchilarining ilg’or pedagogik tajribalarini o’rganadi, ommalashtiradi;

Ijtimoiy va ilmiy-texnik taraqqiyot talablariga javob beradigan ta’limning yangi shakllari, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga tatbiq etadi;

Ta’lim muassasalarida Davlat ta’lim standartlari, O’quv reja va dasturlarning talab darajasida bajarilishini, ta’lim-tarbiyaning qo’yilish ahvolini o’rganadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha ko’rsatmalar beradi;

Yangi yaratilgan dastur, darslik, o’quv-ko’rsatmali qo’llanmalar, didaktik materiallarni ekspertiza qiladi;

Umumiy O’rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, maktab metodbirlashmalari, tuman (shahar) metodika kabinetlari tajribalariga oid materiallarni, metodik tavsiyalarni nashrga tayyorlaydi;

Ta’lim-tarbiya masalalariga oid Respublika anjumani, ilmiy-amaliy seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;

Umumiy O’rta ta’lim maktablari uchun o’quv-ko’rsatmali qo’llanmalar, o’quv videofilmlari va videofragmentlar, proyeksion plakatlar yaratish ishlarini tashkil etadi;

Belgilangan tartibda O’zbekistonda ta’lim yo’nalishida faoliyat ko’rsatayotgan xalqaro tashkilotlar bilan aloqa o’rnatadi;

Ta’lim-tarbiyaga oid muhim muammolar yuzasidan tajriba-sinov ishlarini olib boradi, pedagogik fan yutuqlarini ta’lim muassasalari amaliyotiga joriy etishga yo’naltirilgan tadbirlar o’tkazadi;

Fan yo’nalishlari bo’yicha ilmiy metodik kengashlar tashkil etadi va ularning samarali faoliyat ko’rsatishini ta’minlaydi;

Xalq ta’limi vazirligi buyrug’i asosida O’quv dasturlari va darsliklar tanlovini tashkil etishda qatnashadi;

Ekspertlarni jalb etib O’quv dasturlari va darsliklarni ekspertizadan o’tkazadi;

Xalq ta’limi vazirligining tegishli boshqarma va bo’limlari, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda O’quvchilarning Respublika fan olimpiadalarini, ko’rik-tanlovlarini o’tkazadi;

Markaz tarkibi o’z maqsad va vazifalarini bajarish uchun faoliyat ko’rsatuvchi bo’lim, sektorlardan shuningdek, umumiy ishlar va bo’linmalardan iborat.

Respublika Ta’lim markazi manzilgohi: Toshkent shahri Chilonzor tumani, Furqat ko’chasi, 174-uy.