O‘zbek tili ta’limi: unda yangi pedagogik
texnologiyalar qanday ahamiyat kasb etadi

O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni ijrosini ta’minlash, uzluksiz ta’lim bo‘g‘inlarida ona tili (o‘zbek tili) ni o‘qitishning dolzarb masalalarini tahlil qilish, o‘zaro tajriba almashish, tilshunos va metodist olimlar, darslik mualliflari bilan amaliyotchilarning ijodiy muloqotini tashkil etish, o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida ta’sis etilgan “O‘zbek tili ta’limini takomillashtirishning dolzarb masalalari” Doimiy ilmiy- metodik anjumanining o‘n birinchi yig‘ini 15 aprel kuni Toshkent viloyatining so‘lim go‘shalaridan biri, osmono‘par tog‘lar bag‘rida joylashgan yirik sanoat markazi bo‘lgan Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tdi.

Anjuman yalpi yig‘ilishi Respublika Ta’lim markazining direktori Islom Isoqovich Zokirovning kirish so‘zi bilan ochildi.
Islom Isoqovich o‘z so‘zida har bir xalqning taraqqiyotida, o‘zga xalqlar bilan aloqa qilishida til muhim o‘rin tutishi, muloqot vositalari ko‘p, biroq faqat til orqaligina fikrimizni, hissiyotlarimizni ifodalash mumkinligi, jamiyatda biror bir faoliyat, biror bir jarayon tilning ishtirokisiz ro‘yobga chiqmasligini ta’kidlab, tilning ana shunday beqiyos imkoniyatlaridan o‘quvchi-yoshlarni bahramand etish ona tilimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini tarbiyalash bevosita tilimizning jonkuyarlari, til-adabiyot o‘qituvchilari zimmasida ekanligini e’tirof etdi.

Shuningdek, Anjuman maktabgacha ta’lim muassasalaridan tortib to oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitish mazmunini belgilash, takomillashtirishga oid jarayonni muvofiqlashtirib turuvchi Markaz sifatida ushbu ta’limning eng dolzarb muammolarini o‘rganib, keng muhokama qilish hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish kabi ishlarni amalga oshirib kelayotganligini aytib o‘tdi.

Islom Isoqovich Anjumanning amaliy ahamiyati xususida ham to‘xtalib, mazkur anjuman ushbu soha mutaxassislari va amaliyotchilarning bevosita muloqotda bo‘lib, o‘zaro fikrlashuviga, tajriba almashishlariga, shuningdek til ta’limiga oid yangiliklardan xabardor bo‘lishlariga imkon yaratayotganligi, bunday jarayon o‘z-o‘zidan joylarda mazkur ta’lim samaradorligini oshirishga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatib, ma’lum darajada metodik xizmatning uzluksizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shib kelayotganligini uqtirdi.
Binobarin, “O‘zbek tili ta’limida pedagogik texnologiyalarning o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanning XI yig‘ini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligini nishonlash bo‘yicha qizg‘in tayyorgarlik ketayotgan bir paytda o‘tkazilayotganligi anjuman ishiga juda katta sharaf va mas’uliyat yuklashi, shu bilan birga anjumanning yilning eng go‘zal so‘lim fasllaridan biri, hamma yoq gulga, maysaga burkangan bahor faslida o‘tayotganligi tadbir ishtirokchilarining ham qalbida shunday bir ko‘tarinki ruh, jo‘shqin kayfiyat, ishchanlik, ijodkorlik tuyg‘ularini baxsh etishini alohida qayd etib o‘tdi. Shunday so‘ng anjuman ochiq deb e’lon qilinib, so‘z navbati Toshkent viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdumutal Asrorovga berildi.

 A.Asrorov viloyat hokimi Rustam Qurbonnazarovich Xolmatovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashda maktabda yetakchi o‘quv fanlaridan hisoblangan ona tili va adabiyotning ushbu soha mutaxassislarining zimmasida juda katta mas’uliyat mavjudligi va ushbu mas’uliyatli vazifani sharaf bilan sidqidildan bajarib kelayotgan ustozlarimiz bisyor ekanligini alohida hurmat ehtirom bilan e’tirof etgan holda ona tilimizga bag‘ishlangan nufuzli anjuman ishiga ulkan muvaffaqiyatlar tilanganining guvohi bo‘lindi.  Shundan keyin so‘z olgan Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Xudoyberdievich Daniyarov o‘z nutqida tilimizning sofligini saqlashda maktab ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining vazifalari, o‘quvchilarning badiiy adabiyot o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish yo‘llari, ularda ifodali o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish, she’rxonlik kabi masalalar xususida to‘xtalib, o‘quvchining bir kunda hech bo‘lmaganda 4 qator she’r yodlashiga erisha olsak, ularda estetik didni, nazmdan zavqlanish, bahra olish tuyg‘ularini shakllantirishimiz mumkinligini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi “Til va adabiyot institutining direktori, filologiya fanlari doktori, professor, amaldagi “Ona tili” darsliklari muallifi Nizomiddin Mamadalievich Mahmudov “Til ta’limi va pedagogik texnologiyalar” mavzusidagi ma’ruzasida bugun ta’lim tizimini, xususan ona tili ta’limini zamonaviy pedagogik texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmasligini, mamlakatimizdagi peshqadam va mahoratli ona tili va adabiyot o‘qituvchilari yangi pedagogik texnologiyalarni tegishli mavzu va maqsadga uyg‘un holda qo‘llash orqali jiddiy samaralarga erishayotganliklari, ular xorijdan o‘zlashtirilgan metodlarni o‘imizning ta’lim sharoitimizga moslashtirish bilan bir qatorda bir qadar yangi metodlarni ishlab chiqishga ham harakat qilayotganliklarini, zotan bugungi davr ta’limdagi ko‘lamli islohotlar shuni talab etib turganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston  Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, Xalq shoiri, senator Mahmud Toir  o‘zining jo‘shqin chiqishi, ijodiga mansub tilga oid o‘qigan she’rlari anjumanga o‘zgacha ruh, jo‘shqinlik, ko‘tarinkilik baxsh etdi.

Andijon davlat universiteti kafedra mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Shohida Yusupovaning o‘zbek tilini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiya va uni amalda qo‘llash masalalari xususidagi ma’ruzasi tinglandi.
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Ayxodjaevich Azamatovning ma’ruzasida viloyat ta’lim muassasalarida davlat tili haqidagi Qonunni amaliyotga tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar, kelgusi rejalar haqida fikr yuritildi.
Amaliyotchi o‘qituvchi Rahima Mirholiqova o‘z ma’ruzasida Piskent tumanidagi 1-maktabda “Bir bolaga bir oyda bir kitob” aksiyasi asosida tashkil etilgan tadbirlar, uning ijobiy natijasi o‘laroq, oilalarda o‘quvchilarning mo‘jazgina shaxsiy kutubxonalari shakllanib, bolalarda badiiy adabiyot o‘qishga qiziqish tuyg‘ularini singdirib borayotganligi xususidagi tajribalarini bayon etdi.

Yalpi yig‘ilish so‘ngida O‘zbek tilshunosligining rivojlanishida munosib xissa qo‘shib kelayotgan, tilshunos olimlardan, O‘zbek tili doimiy anjumanining asoschisi Buxoro davlat universiteti professori Hamid G‘ulomovich Ne’matov, O‘zbekiston milliy universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muhammadjon Qodirov, Ona tili va o‘zbek tili ta’limi bo‘yicha Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi mualliflaridan, pedagogika fanlari nomzodi Rustam A’zamovich Yo‘ldoshevlar tavalludlarining 70 yilligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Til va adabiyot” instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor, amaldagi “Ona tili” darsliklari muallifi Nizomiddin Mamadalievich Mahmudov tavalludining 60 yilligi munosabati bilan muborakbod etildi. Shuningdek, ona tili ta’limini takomillashtirishga qo‘shayotgan hissasi, fidoyi mehnatlari, O‘zbek tili doimiy anjumanlarining qator yig‘inlarida mazmunli ma’ruzalar bilan faol ishtirok etgan bir qator o‘qituvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika Ta’lim markazining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

Anjuman o‘z ishini shu’ba yig‘ilishlarida davom ettirdi.  “Boshlang‘ich ta’lim”, “Oliy ta’lim” hamda Akademik litsey va kasb hunar ta’limi” shu’ba yig‘ilishlari Chirchiq shahridagi 2-maktabda, “Maktabgacha ta’lim”, “Maxsus ta’lim” sho‘balarining yig‘ilishi Chirchiq shahridagi “Mehribonlik uyi”da, Umumiy ta’lim, 1-kichik sho‘ba, 2-kichik sho‘ba, hamda Davlat tili ta’limi sho‘balari Chirchiq shahridagi 10-maktabda faoliyat ko‘rsatdi. Sho‘ba yig‘ilishlari seminar-trening, konferensiya tarzida tashkil etilib, respublikamizdagi  ijodkor o‘qituvchilar, metodistlar, Oliy o‘quv yurtlarining olimlari, darslik mualliflarining qiziqarli ma’ruzalari tinglandi, guruhlarda ishlandi, amaliyotchilar o‘zaro muloqotda bo‘lib,  til ta’limi metodikasiga doir ijodiy ishlari, ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, qizg‘in bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zbek tili ta’limida pedagogik texnologiyalarning o‘rni” mavzusi bo‘yicha 7 ta sho‘ba (maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, umumiy ta’lim, davlat tili, maxsus ta’lim, oliy ta’lim, AL va KXK) anjuman tezislari to‘plami tayyorlandi. Joylardan olingan 400 ga yaqin tezislardan saralab olinib, 212 tasi to‘plamga kiritildi. Anjumanning har bir ishtirokchisiga anjuman dasturi, tezislar to‘plami hamda ishtirokchining nomi ko‘rsatilgan beyjik tarqatildi. Ishtirokchilar uchun Toshkent vitloyati Bo‘stonliq tumanining diqqatga sazovor dam olish maskanlariga sayohat uyushtirildi, madaniy xordiq chiqarish tadbiri tashkil etildi.

M.Abduraimova,
Respublika Ta’lim markazi
Filologiya fanlari bo‘limi
boshlig‘i, pedagogika fanlari
nomzodi