404 Not Found

Not Found

The requested URL /tags/4.0.1/TopBanner.html was not found on this server.


Apache Server at core.svn.wordpress.org Port 80

Ona tili ta’limida pedagogik texnologiya

restm Maqolalar, Yangiliklar Add comments

Maktab ona tili ta’limi o‘quvchilarning o‘zbek adabiy tili me’yorlari darajasida og‘zaki va yozma nutq malakalarini shakllantirish, imlo va uslubiy jihatdan savodxon qilish, ijodiy va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish kabi maqsadlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Binobarin, til muhim muloqot vositasi sifatida ulug‘ ne’mat, millatning noyob qadriyati hisoblanadi. Til inson mehnati faoliyati davomida ijtimoiy hodisa tarzida shakllanib, rivojlanib boradi va namoyon bo‘ladi, inson salohiyatining rivojlanib borishida asosiy omil vazifasini o‘taydi.
Boshqa dunyoviy bilimlar qatori, til ta’limining ham o‘ziga xos maqsad va vazifalari mavjud. Maqsad shundan iboratki, o‘quvchilar til haqidagi bilimlarni shunchaki o‘zlashtirib qo‘ya qolmay uning butun go‘zalligini his etish, til sezgirligi tarkib topishi, o‘zbek adabiy tilidan nutq vaziyatiga ko‘ra o‘rinli hamda savodli foydalana olish malakalariga ega bo‘lishlari lozim.
Olimlarning ta’kidlashicha, har bir inson kamolot sari intiladi. Jamiyatda yashash uchun insondagi tug‘ma ne’matlarning o‘zi yetarli emas. U tarixiy taraqqiyot jarayonida insoniyat tomonidan bunyod etilgan ne’matlardan bahramand bo‘lishi va ulardan imkon qadar o‘rganishi, o‘zlashtirishi kerak. Inson oldida ajdodlar tomonidan asrlar davomida to‘plangan behisob moddiy va ma’naviy boylik mavjud. Yillar o‘tgani sayin ajdodlar o‘rnini avlodlar egallaydi, biroq ajdodlar qoldirgan boy madaniy meros avloddan avlodga o‘tib, boyib, rivojlanib, takomillashib boradi. Til ana shunday noyob madaniy merosdir.
Til vositasida o‘zaro fikr almashinadi, hissiyotlar namoyon bo‘ladi, insoniyat hayoti davomida to‘plangan tajribalar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Muloqot vositalari ko‘p, biroq faqat til orqaligina fikringizni, quvonch va tashvishlaringizni, hissiyotlaringizni ifodalash mumkin. Boshqa vositalar inson ruhiyatini, hissiyotlarini tilchalik ifodalay olmaydi. Darhaqiqat, kishilik jamiyatida biror-bir faoliyat, biror-bir jarayon yo‘qki, til ishtirok etmagan bo‘lsin.
Zero, tilning ana shunday beqiyos imkoniyatlaridan o‘quvchi-yoshlarni bahramand etish, ona tilimizga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini tarbiyalash ushbu soha mutaxassislari zimmasidadir.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” Qonuni ijrosini ta’minlash, ta’lim bo‘g‘inlarida ona(o‘zbek) tilini o‘qitishning dolzarb muammolarini tahlil qilish va yechimiga oid tavsiyalar berish, o‘zaro tajriba almashish, tilshunos va metodist olimlar, darslik mualliflari bilan amaliyotchilarning ijodiy muloqotini tashkil etish, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish maqsadida ta’sis qilinib, yigirma yildan ortiq davr mobaynida ish yuritib kelayotgan “O‘zbek tili ta’limini takomillashtirishning dolzarb masalalari” doimiy ilmiy-metodik anjumani ham uzluksiz ta’lim sistemasida ona tilini o‘qitish mazmunini yangilash, takomillashtirish, saviya va samaradorligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib turuvchi bir markaz vazifasini o‘tab kelmoqda.

“O‘zbek tili” anjumani o‘tgan davr mobaynida o‘zining o‘nta yig‘inini o‘tkazdi (anjuman nizomiga ko‘ra yig‘in har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi). Uning har bir yig‘ini ona tili ta’limining dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi. Chunonchi: “O‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitishni qayta qurish hamda takomillashtirishning dolzarb masalalari”, “Ona tili ta’limi mazmunini yangilashning asosiy yo‘nalishlari”, “Ta’lim jarayonida so‘z boyligini oshirishning asosiy omillari”, “Ta’lim jarayonida matn ustida ishlashning asosiy omillari”, “Ta’lim jarayonida nutq madaniyatini shakllantirish”, “Ta’lim jarayonida ijodiy tafakkurni rivojlantirish”, “O‘zbek tili ta’limi jarayonida milliy istiqlol g‘oyasini singdirish”, “O‘zbek tili ta’limi jarayonida fanlararo bog‘lanish masalalari”, “Yigirma birinchi asrda o‘zbek tili ta’limi”, “Til ta’limi bosqichlarida uzviylikni ta’minlashning ilmiy-amaliy muammolari” kabi mavzular qamrab olindi. Muhokamaga qo‘yilgan mavzular silsilasidan ko‘rinib turibdiki, Doimiy anjuman til ta’limi va uning muammolari bilan bog‘liq biror-bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmagan holda zamonaviy ta’lim talablari bilan hamohang tarzda odimlab bormoqda.
Anjumanning “O‘zbek tili ta’limida pedagogik texnologiyalarning o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ini 14—15 aprel kunlari Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tajribasi asosida o‘tkaziladi. Anjumanning O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi yaqinlashayotgan bir paytda o‘tkazilayotgani mazkur tadbirga katta mas’uliyat yuklaydi, albatta.
Ta’kidlash joizki, istiqlol yillarida ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim mazmunini yangilash va takomillashtirishga oid qabul qilinayotgan hukumat qarorlari ta’limni hayot bilan bog‘lashni, o‘qitish samaradorligini oshirishni, tez sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan jamiyat uchun barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishni talab qiladi.

Islohotlar ta’lim-tarbiya masalalari mohiyatini oshirib, komil shaxsni shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchilar dunyoqarashini shakllantirish, hayotiy zarur bilim, ko‘nikma va malaka bilan qurollantirish imkonini beradigan o‘quv-tarbiya jarayonining ilmiy-metodik saviyasini ko‘tarish, pedagogik texnologiyaning maqbul jihatlarini joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu ma’noda, zamonaviy ta’lim talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, “O‘zbek tili” anjumanining bu yilgi yig‘ini muhokamasiga aynan pedagogik texnologiyalardan foydalanish, uning til ta’limidagi o‘rni masalasi qo‘yilmoqda.
O‘zbek tilini o‘qitish texnologiyasi tushunchasi uni qay yo‘sinda o‘qitish, nima asosida ta’lim berish, ta’lim jarayonida qanday vositalardan foydalanish, bu jarayonda o‘qituvchi va o‘quvchilarning ishtiroki tarzlari majmuasini qamrab oladi.
Til darslarida qo‘llangan pedagogik texnologiya o‘quvchi-yoshlarda o‘z ona tiliga mehr-muhabbat tuy¬g‘ularini uyg‘otish, ularning tom ma’noda savodxon bo‘lishiga erishish; to‘g‘ri, aniq, mantiqli nutq sohibi qilib tarbiyalash; mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, yozma nutqini rivojlantirish, nutq vaziyatiga qarab fikrini to‘g‘ri ifodalay olish malakalarini tarkib toptirish kabi vazifalarni bajarishi lozim. Pedagogik texnologiyani shunday tanlash kerakki, u DTS bilan belgilab berilgan maktab til ta’limidan ko‘zlangan maqsadni amalga oshirishga xizmat qilsin. An’anaviy ta’lim usuliga nisbatan samaradorligi yuqori bo‘lsin. Lekin shuni unutmaslik lozimki, har qanday yangicha ta’lim usuli ham ona tilini o‘qitish xususiyatiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Shuning uchun o‘qituvchi fanning o‘ziga xos xususiyati, o‘rganilayotgan mavzuning mazmun-mohiyatidan, o‘quvchilar bilim darajasi, yoshi va mavjud sharoitdan(texnika vositalari, ko‘rsatmali qo‘llanma, tarqatma didaktik materiallar va boshqa zarur jihozlarning mavjudligi) qelib chiqqan holda ta’lim usulini tanlashi va bu o‘qitish usuli o‘zining samarasi bilan baholanishi zarur.

“O‘zbek tili ta’limida pedagogik texnologiyalarning o‘rni” mavzusi muhokamasiga bag‘ishlangan Respublika anjumani o‘n birinchi yig‘ini yalpi majlisida uzluksiz ta’limda hozirgi kunda o‘zbek tili ta’limi oldida turgan muhim vazifalar, o‘qitishdagi ilmiy-amaliy yangiliklar haqida fikr yuritilib, mazkur ta’limda pedagogik texnologiyaning o‘rni xususida umumiy yo‘nalishlar bayon etiladi.
Anjuman ishtirokchilari pedagogik texnologiya haqidagi tushuncha va ko‘nikmalarni sho‘ba yig‘ilishlarida oladilar. Maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, umumiy ta’lim, davlat tili, maxsus ta’lim, oliy ta’lim, akademik litsey va kasb-hunar ta’limi sho‘balarida anjuman o‘z faoliyatini davom ettirib, bunda uzluksiz ta’limning har bir bo‘g‘ini o‘z ta’lim mazmunidan kelib chiqib, pedagogik texnologiya unsurlari, ulardan foydalanish yo‘llari xususida o‘zaro tajriba almashadilar va o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadilar.
Ayni paytda Respublika ta’lim markazi filologiya fanlari bo‘limida shakllantirilgan tahrir hay’ati tomonidan anjuman mavzusi bo‘yicha amaliyotchi o‘qituvchilar, tilshunos olimlar, ilmiy xodimlar, tadqiqotchilar, metodistlar yo‘llagan ma’ruza matnlari tahrir qilinib, risola holiga keltirildi va nashrga tayyorlandi.

Bilamizki, respublikamizda ta’lim yetti tilda olib boriladi. Birgina Toshkent viloyatida esa o‘qitish besh tilda(o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillarida) yo‘lga qo‘yilgan. Ta’limning ko‘ptilliligi “Davlat tili haqida” Qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha ish ko‘lamining ham keng ekanligini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, anjuman bu borada viloyatda olib borilayotgan ishlarni sarhisob qilish, kelgusi rejalarni belgilab olishga yordam beradi, degan umiddamiz.
Hozirgi kun ta’limi pedagoglar oldiga o‘quvchi-yoshlarga faqat bilim berish emas, bilim olish yo‘llarini o‘rgatish talabini qo‘ymoqda. Bunday talabning mohiyati shundaki, o‘quvchini maktabdan keyingi hayotga tayyorlab, o‘z ustida muntazam ishlash, bilim doirasini kengaytirib borish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bilim olish esa, o‘quvchining mustaqil faoliyati orqali amalga oshadi. Aynan shu masala, ya’ni o‘quvchilarda mustaqil va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini tarkib toptirish masalasi ta’limda eng asosiy va muhim vazifadir. Ijodiy tafakkur, mehnatga ijodiy munosabatda bo‘lish — ana shu ta’lim islohotidagi va shaxsni har tomonlama kamol toptirishdagi muhim jihatlardandir.

Muhabbat ABDURAIMOVA,
RTM bo‘lim boshlig‘i,
pedagogika fanlari nomzodi

Leave a Reply

WP Theme & Icons by N.Design Studio
Entries RSS Comments RSS Log in